Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerni qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” (FOLUR) loyihasi doirasida maxsus o‘quv treningi tashkil etildi.



Tadbirni institut direktori Diyor Jurayev hamda loyiha koordinatori Aziz Nurbekov kirish so‘zi bilan ochib berib, global ekologik o‘zgarishlar sharoitida tuproq unumdorligini saqlash va agrar sohani barqaror rivojlantirishning ushbu loyihadagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
FAOning ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi eksperti Iqboljon Ahadjonov o‘z ma’ruzasida FOLUR loyihasi doirasida respublikamizda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, yer resurslarini qayta tiklash hamda bu jarayonda mahalliy hamjamiyatlar va fermerlarning rolini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, FAO mutaxassisi Sherzod Nizamov taqdimot o‘tkazib, tuproq degradatsiyasining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda agrar sohada ilg‘or xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha muhim tavsiyalarni ilgari surdi.



Mashg‘ulotlar davomida institut olimlari, yosh tadqiqotchilar va soha mutaxassislari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib, amaliy jarayonlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan bunday ilmiy-amaliy treninglar tadqiqotchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.


