Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Kitob, Qarshi va Nishon tumanlarida Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Alisher Toʻrayev boshchiligida bir guruh soha olimlari ishtirokida joylardagi agroklaster rahbarlari, dehqon-fermer xoʻjaliklari, agrar soha mutasaddi rahbarlar uchun hududlar kesimida intensiv o`quv kurslari amaliy uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbir davomida yig`ilish ishtirokchilari e`tiboriga AKIS agrar soha olimlari tomonidan qishloq xo`jaligining dolzarb mavzularidagi ma`ruzalar, chiqishlar havola qilindi.
Shuningdek, yurtimiz qishloq xo`jaligida fermerlik faoliyatini yuritishda duch kelinayotgan muammolar, ilmiy yondashuv asosida agrar tarmoqni takomillashtirish, iqtisodiy samaradorlikka erishishda sara urug`larni tanlab olish, suv va yer rusurslardan oqilona foydalanishda yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi aktual masalalar yuzasidan mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Xususan, mazkur intensiv oʻquv kurslari dasturi boʻyicha Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori O. Amanov “Yangi agrotexnologiyalar – beda +g`alla+sideratlar” , Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari N.Abduraxmonov “Tuproq sirlari va yerdan samarali foydalanish” mavzusida ma’ruza qilib, qishloq xoʻjaligi yerlaridan unumli foydalanish, boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil olish, unumdor yerlarni muhofaza qilish, tuproq mahsuldorligini saqlash va oshirishga qaratilgan agrotexnik, agromeliorativ tadbirlar qoʻllash boʻyicha asosiy yoʻnalishlar boʻyicha zaruriy tavsiyalar ham berildi.